.

Asosiy mavzular

SUD TIZIMIDAGI SO’NGGI ISLOHOTLAR XUSUSIDA

Byadmin

Avg 25, 2020

Mamlakatimizning sud tizimi faoliyati yildan yilga zamon talablari, yangidan yangi vujudga kelayotgan ijtimoiy munosabatlar, aholi huquqiy ongini hisobga olgan holda takomillashtirilib borilmoqda. Bunga ko’plab qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Lekin hozir biz to’xtalib o’tmoqchi bo’lgan normativ-huquqiy hujjat O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yilning 24-iyulida qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” gi PF-6034 sonli Farmonidir. Ushbu Farmonda odil sudlov faoliyati jarayonida amalga oshirilgan ishlar statistikasi keltiriladi. Xususan, odil sudlov faoliyati jarayonida 2,3 mingga yaqin kishi oqlangan, adashib jinoyat yo’liga kirib qolganligi sababli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinishi mumkin bo’lgan 3,5 mingga yaqin yoshlar va xotin-qizlarga mahalla va jamoatchilik kafilliklari asosida yengilroq jazolar tayinlanganligi, shuningdek, inson huquqlarini qo’pol tarzda buzgan 60 nafar huquq-tartibot organlari xodimlarining jinoiy javobgarlikka tortilganligi keltirib o’tiladi. Albatta, bu statistika odil sudlov organlarining o’tgan davr mobaynida qay darajada samarali faoliyat yuritganligini belgilab beruvchi mezonlardan biridir. Endi, Farmonning asosiy qismiga to’xtaladigan bo’lsak, ushbu Farmon odil sudlov tizimida keng qamrovli islohotlar o’tkazilishini nazarda tutadi. Quyida ulardan bir qanchasini sanab o’tamiz:
-ishlarni nazorat tartibida ko’rish instituti tugatiladi;
-prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hujjatlari bo’yicha ishlarni faqatgina taraflar murojaati bo’lgandagina suddan chaqirib olib o’rganish tartibi joriy etiladi;
-Oliy sud tuzilmasida investitsiya nizolari bo’yicha hamda raqobatga oid ishlarni ko’rish bo’yicha sudlov tarkibi tuziladi;
– o’rta bo’g’in sudlari negizida(ma’muriy suddan tashqari) umumiy yurisdiksiya sudlari tashkil etiladi;
-ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni jinoyat ishlari bo’yicha sudlarga o’tkazish;
-tuman ma’muriy sudlari tugatiladi va hokazo.
Shuni nazarda tutish lozimki, ushbu Farmonda nazarda tutilgan o’zgarishlar 2021-yil 1-yanvardan boshlab amalga oshirilishi belgilandi. Ushbu Farmondagi eng e’tiborli jihatlardan biri shuki, mazmur hujjat ma’muriy sudlarning huquqiy maqomini aniq belgilab berdi hamda ularning faoliyatini yanada ixtisoslashtirdi.
Ushbu Farmonda nazarda tutilgan islohotlar sudlar faoliyatining samaradorligini yanda oshirish istiqbollarini belgilab berdi

Достон Убайдуллаев

“Фуқаролик процессуал ҳуқуқи”

фани ўқитувчиси